Internet qanday ishlaydi?

Har kuni brauzerni ochamiz, manzilni yozamiz va sahifa bir zumda oldimizda paydo bo'ladi. Shu bir necha yuz millisekund ichida nima sodir bo'lishi haqida esa kam o'ylaymiz. Ko'pchilik uchun internet…

o_o_Ferxes14 daqiqa o'qish

Har kuni brauzerni ochamiz, manzilni yozamiz va sahifa bir zumda oldimizda paydo bo’ladi. Shu bir necha yuz millisekund ichida nima sodir bo’lishi haqida esa kam o’ylaymiz. Ko’pchilik uchun internet — bu shunchaki “ishlaydigan” narsa.

Aslida esa hech qanday sehr yo’q. U yerda oddiy simlar, oddiy raqamlar va oldindan kelishib olingan qoidalar bor, xolos. Faqat ular juda ko’p va bir-birining ustiga qavat-qavat qilib terilgan.

Shu maqolada mana shu qavatlarni birma-bir ochib chiqamiz. Har bir bo’lim bitta savol bilan boshlanadi va o’zidan keyingi savolni tug’diradi:

  • Internet nima o’zi va u nimadan tashkil topgan?
  • Ikki kompyuter bir-birini qanday tushunadi? Protokol nima degani?
  • Milliardlab kompyuter ichidan keraklisini qanday topamiz?
  • “yandex.uz” degan nom raqamli manzilga qanday aylanadi?
  • Ma’lumot o’sha manzilga qanday yetib boradi va yo’lda kim uni uzatib turadi?
  • Yo’lda ma’lumotning bir bo’lagi yo’qolib qolsa nima bo’ladi?

Oxirida hammasini bitta rasmga yig’amiz va bu qavatlar tizimi rasman qanday atalishini ko’ramiz.

Dasturchi bo’lishingiz shart emas — bu yerda hech qanday kod yo’q. Sayt, brauzer va veb-sahifalarning o’zi qanday ishlashi haqida esa keyingi maqolada gaplashamiz.

Internet nima?

Internet — bu bir-biriga sim bilan ulangan kompyuterlar.

Boshqa hech qanday sehr yo’q. Sizning kompyuteringizdan chiqqan sim uyingizdagi routerga boradi, routerdan sim ko’chaga, ko’chadan shahar tuguniga, u yerdan esa qit’alararo — okean tubidagi yo’g’on kabellargacha. Oxir-oqibat bu simlar zanjiri sizni dunyoning narigi chekkasidagi kompyuter bilan bog’laydi.

Wi-Fi ham, mobil internet ham bu qoidani buzmaydi. Ular shunchaki eng oxirgi bir necha metrni simsiz qiladi: telefoningizdan chiqqan signal eng yaqin antennaga yetadi, antennadan keyin esa yana o’sha sim boshlanadi.

Bu simlar orqali baytlar o’tadi. Bayt — sakkizta nol va birdan iborat kichkina bo’lak, ya’ni oddiy son. Sim orqali rasm ham, matn ham, video ham o’tmaydi; faqat baytlar oqimi o’tadi.

Kompyuterlar esa o’sha baytlarni o’qiydi. Bir tomon baytlarni ma’lum bir tartibda yuboradi, ikkinchi tomon o’sha tartibni biladi va baytlarni qayta kerakli formatga aylantiradi. Ana shu “bir xil tartib” tufayli ikki kompyuter bir-biri bilan gaplasha oladi.

Demak internet — simlar, ular orqali oqadigan baytlar va o’sha baytlarni bir xil tushunadigan kompyuterlar.

Baytlarning tartibi qanaqa?

Kompyuterlar bir-biri bilan gaplasha olishini bildik. Lekin qanday qilib?

Axir bir kompyuter ikkinchisiga shunchaki “sen menga faylni ber, men senga hech narsa bermayman” deb ayta olmaydi-ku. Ikkinchi tomon bu gapni qayerdan tushunadi? U faqat baytlar oqimini ko’radi: 71, 69, 84, 32… Bu sonlarning qaysi biri “menga ber” degani, qaysi biri fayl nomi, fayl nomi qayerda tugaydi — hech narsa ma’lum emas.

Demak baytlar tasodifiy ketma-ketlikda emas, aniq tartibda yuborilishi kerak. Bu tartib oldindan yozib qo’yilgan bo’ladi va uni protokol deb ataymiz.

Protokol ikkala tomon oldindan kelishib olgan qoidalar to’plami:

  • birinchi bo’lib nima yuboriladi,
  • undan keyin nima keladi,
  • qaysi bayt nimani anglatadi,
  • xabar qayerda tugaydi,
  • javob qanday ko’rinishda bo’ladi.

Ikkala tomon bir xil tartibni bilsa, oddiy sonlar oqimi kerakli formatga aylanadi. Bilmasa — baytlar baribir o’tadi, lekin ikkinchi tomon ulardan hech narsa yasay olmaydi.

Protokollar bitta emas, juda ko’p. Har xil protokol har xil vazifani bajaradi: biri kompyuterlarni topishga xizmat qiladi, biri baytlarni yo’qotmasdan yetkazishga, biri veb-sahifani so’rashga, yana biri xat yuborishga.

Ba’zi protokollar esa butunlay yangi emas — eskisining yaxshilangani. Eskisi ishlab turaveradi, lekin vaqt o’tib kamchiliklari bilinadi: sekin ishlaydi yoki xavfsizligi yetmaydi. Shunda uni qaytadan yozishadi, kamchiliklarini tuzatishadi va yangi versiyasini chiqarishadi.

Lekin eskisi yo’qolib ketmaydi, hali ham ko’p joyda ishlatilaveradi. Chunki dunyodagi hamma kompyuterni bir kunda yangilab bo’lmaydi.

Kerakli kompyuterni qayerdan topaman?

Kompyuterlar qanday ulanganini va bir-biri bilan qanday gaplashishini bildik. Endi keyingi savol.

Tasavvur qiling, Yandex xaritasini ochyapsiz. Xarita o’zidan-o’zi chizilmaydi — uni chizish uchun kerakli ma’lumotni Yandexning kompyuteridan so’rab olish kerak. Lekin o’sha kompyuter qayerda? Internetga ulangan milliardlab kompyuter ichidan qaysi biriga so’rov yuborasiz?

Yoki admin@example.com pochtasiga xat yozdingiz. Xat qaysi kompyuterga borishi kerakligini qayerdan bilasiz?

Demak har bir kompyuterning manzili bo’lishi kerak. Bu manzil — IP manzil.

IP manzil oddiy sonlardan iborat, masalan 93.184.216.34. Internetga ulangan har bir kompyuterda shunday manzil bor va u boshqalarnikidan farq qiladi. Xuddi uy manzili kabi: pochtachi “Toshkent, Amir Temur ko’chasi, 12-uy” degan yozuvsiz xatni hech qayerga eltib bera olmaydi.

Siz yuborayotgan baytlarning boshida ham shunday yozuv turadi: bu baytlar qaysi manzilga ketyapti va qaysi manzildan kelyapti. Yo’ldagi qurilmalar aynan shu yozuvga qarab baytlarni to’g’ri tomonga uzatadi.

Lekin biz brauzerga hech qachon 93.184.216.34 deb yozmaymiz-ku. Biz “yandex.uz” deb yozamiz.

yandex.uz ga so’rov yuborganda kompyuter uning IP’sini qanday topadi?

“yandex.uz” — bu manzil emas, bu shunchaki nom. Odam eslab qolishi uchun qulay, lekin kompyuter uchun hech qanday ma’no yo’q. Sim orqali baytlarni jo’natish uchun baribir raqamli IP manzil kerak.

Demak bizga nomni haqiqiy manzilga aylantirib beradigan tizim kerak. Bu tizim DNS deb ataladi.

DNS’dan “yandex.uz qayerda?” deb so’raysiz, u sizga o’sha kompyuterning manzilini — 77.88.44.55 ga o’xshash IP’ni qaytaradi. Shundan keyingina brauzer so’rovini yubora oladi.

DNS serverlar ham oddiy kompyuterlar. Ularni kimdir doim ishlab turgan va internetga ulangan holatda saqlab turishi kerak. Bu vazifani bir necha xil tashkilot bir-biri bilan bo’lishib bajaradi:

  • Internet-provayderingiz. Uyingizdagi router odatda o’sha provayderning DNS serveriga murojaat qiladi.
  • Yirik kompaniyalar. Masalan Google (8.8.8.8) va Cloudflare (1.1.1.1) hammaga ochiq bepul DNS serverlarni ushlab turadi.
  • Sayt egasining o’zi. yandex.uz’ning haqiqiy manzili oxir-oqibat Yandexning o’z DNS serverida yozib qo’yiladi.
  • Domen zonasini boshqaruvchilar. “.uz” bilan tugaydigan barcha nomlar haqidagi ma’lumot O’zbekistondagi milliy registratura serverlarida turadi. Eng tepada esa root serverlar — ular butun tizimning boshlanish nuqtasi.

Root serverlar haqida alohida aytib o’tish kerak. Ular DNS’ning eng tepasida turadi, lekin birorta saytning aniq manzilini bilmaydi. Ular faqat “.uz”, “.com”, “.ru” kabi zonalarni kim boshqarishini biladi. Ya’ni root server sizga javobning o’zini bermaydi — javobni kimdan so’rash kerakligini aytadi.

Dunyoda 13 ta root server manzili bor. Ular oddiygina harflar bilan ataladi: “a” dan “m” gacha. Bu manzillarni 12 ta turli tashkilot boshqaradi. Nega aynan 13 ta? Sababi tarixiy: eski DNS javobi 512 baytdan oshmasligi kerak edi va o’sha hajmga roppa-rosa 13 ta manzil sig’gan.

Lekin bu “dunyoda 13 ta kompyuter bor” degani emas. Har bir manzil ortida dunyoning turli burchaklariga tarqatilgan mingdan ortiq nusxa turadi. Siz so’rov yuborganingizda ularning eng yaqini javob beradi.

Shu sababli javob ba’zan bir necha qadamda topiladi: provayderning serveri javobni bilmasa, root serverdan “.uz”ni kim boshqarishini so’raydi, u yerdan Yandexning DNS serveriga yo’naltiriladi va oxirida aniq manzil qaytadi.

Bularning hammasi ko’z ochib yumguncha, siz Enter bosgan zahoti sodir bo’ladi. Ustiga-ustak javob eslab qolinadi: ikkinchi marta yandex.uz deganingizda hech kimdan so’ralmaydi, tayyor manzil ishlatiladi.

Baytlar o’sha manzilga qanday yetib boradi?

Manzilni topdik. Endi baytlarni o’sha manzilga jo’natish kerak.

Bu yerda birinchi savol tug’iladi: agar fayl katta bo’lsa, uni butunligicha, bir oqim qilib yuborsak bo’lmaydimi? Bo’lmaydi. Sim bitta, undan foydalanmoqchi bo’lganlar esa ko’p. Bitta katta fayl simni band qilib olsa, qolgan hamma o’sha fayl tugashini kutib turishi kerak bo’ladi.

Shuning uchun ma’lumot mayda bo’laklarga bo’linadi. Bu bo’laklar paket deyiladi.

Har bir paketning boshida qisqa yozuv bo’ladi: bu paket qaysi manzildan ketyapti, qaysi manzilga boryapti va u umumiy ma’lumotning nechanchi bo’lagi. Xuddi qalin kitobni pochta orqali yuborayotgandek: kitobni varaqlab, har bir bo’lagini alohida konvertga solasiz, har bir konvertga manzilni va “1-qism”, “2-qism” deb raqamini yozib qo’yasiz.

Endi bu paketlar yo’lga chiqadi. Yo’lda esa maxsus kompyuterlar turadi — ular router deb ataladi. Uyingizdagi router ham shulardan biri, faqat eng kichigi.

Routerning ishi juda oddiy: paketni oladi, ustidagi manzilga qaraydi va uni o’ziga eng mos keladigan keyingi routerga uzatadi. Diqqat qiling — hech bir router paketning to’liq yo’lini bilmaydi. U faqat “bu manzil taxminan u tomonda” degan ma’lumotni biladi, xolos. Paket shu tarzda routerdan routerga o’tib, qadam-baqadam maqsadiga yaqinlashadi.

Yo’l so’rab-so’rab yurgan odamni tasavvur qiling: har bir chorrahada birov “u tomonga bor” deydi. Hech kim butun yo’lni bilmaydi, lekin har biri to’g’ri tomonni ko’rsatgani uchun oxiri manzilga yetib borasiz.

Uyingizdagi routerga qaytaylik. U ham aynan shu ishni bajaradi, faqat bilgani juda oz. Uning qoidasi deyarli ikki qatordan iborat: agar manzil uy ichidagi qurilmalardan biriga tegishli bo’lsa — o’shanga ber; qolgan hamma narsani provayderga uzat. Ya’ni router internetning qayerda nima borligini bilmaydi, u shunchaki “bilmadim, buni kattaroqqa beray” deydi.

Provayder tomonda esa quyidagicha zanjir bo’ladi. Uyingizdan chiqqan kabel mahallangizdagi qutiga yoki yaqin stansiyaga boradi, u yerdan provayderning shahardagi kattaroq routerlariga, keyin uning asosiy tuguniga. Har bir qadamda router yana o’sha savolni beradi: bu manzil menikimi yoki yuqoriga uzataymi?

Agar so’ralayotgan manzil provayderning o’z tarmog’ida bo’lsa (masalan o’zbekistonlik saytlar), paket o’sha yerdayoq maqsadiga yetadi va uzoqqa ketishi shart emas. Agar bo’lmasa, provayder paketni o’zi bog’langan boshqa, kattaroq tarmoqlarga uzatadi. Tarmoqlar esa bir-biriga “menda falon manzillar bor” deb doim e’lon qilib turadi — routerlar qaysi tomonga uzatishni ana shundan biladi.

Yana bir detal: provayder odatda uyingizga bitta IP manzil beradi. Telefon, noutbuk, televizor — hammasi o’sha bitta manzil ostidan chiqadi. Uy ichida ularning har biri alohida ichki manzilga ega bo’ladi va router qaysi javob qaysi qurilmaga tegishli ekanini o’zi hisoblab, ajratib beradi.

Bu tizimning kuchli tomoni shunda: agar yo’ldagi biror kabel uzilib qolsa yoki router ishdan chiqsa, paketlar boshqa yo’ldan aylanib o’tadi. Hech kim to’xtatib, qaytadan boshlashi shart emas.

Lekin shu yerda muammo ham bor. Paketlar turli yo’llardan ketgani uchun ular manzilga aralash tartibda yetib kelishi mumkin: 5-qism 3-qismdan oldin kelib qolishi hech gap emas. Bundan ham yomoni — paketlardan biri yo’lda umuman yo’qolib ketishi mumkin.

Paket yo’qolsa yoki tartibi aralashsa nima bo’ladi?

Avvaliga bir narsani aniq aytib qo’yaylik: paketlarni tashiydigan tizim bu muammoni hal qilmaydi. Uning vazifasi faqat uzatish. U “yetkazishga harakat qilaman, lekin kafolat bermayman” deydi, xolos. Paket yo’qolsa, hech kim sizga xabar ham bermaydi.

Demak yetib borishini kimdir tekshirishi kerak. Shuning uchun paketlar ustiga yana bitta protokol qo’yiladi — TCP.

TCP ikki tomon o’rtasidagi kelishuv. Ishi quyidagicha:

  • har bir paketga tartib raqami yoziladi;
  • qabul qiluvchi tomon har bir paketni olgach “keldi” deb tasdiq yuboradi;
  • yuboruvchi tasdiqni kutadi. Belgilangan vaqtda tasdiq kelmasa, o’sha paketni qayta yuboradi;
  • kelgan paketlar to’g’ri tartibda joy-joyiga terib chiqiladi;
  • ikki marta kelib qolgan paket tashlab yuboriladi.

Suhbat ham darrov boshlanmaydi. Avval ikki tomon bir-biriga “tayyormisan?” — “tayyorman” deb xabar yuborib, ulanishni ochib oladi. Shundan keyingina ma’lumot ketadi.

Eng qizig’i shundaki, bu ishlarning birortasini dastur ko’rmaydi. Uning uchun paket degan tushunchaning o’zi yo’q. Fayl qanday yuborilgan bo’lsa, o’sha holicha, biror bo’lagi tushib qolmasdan yetib keladi. Bo’laklarga bo’lish, tekshirish, qayta yuborish — hammasi ichkarida, ko’rinmay bo’lib o’tadi.

Albatta bunga vaqt ketadi. Tasdiq kelguncha kutasiz, yo’qolgan paketni yana yuborasiz. Yomoni shuki, bitta paket yo’lda qolib ketsa, undan keyingilari allaqachon yetib kelgan bo’lsa ham, o’sha bittasini kutib turishga majbur.

Ba’zi ishlarda esa bunday kutishning umuman keragi yo’q. Masalan video qo’ng’iroq qilyapsiz. Bir soniya oldingi kadr yo’qolib ketdi. Endi uni qaytadan so’rashning nima keragi bor? U kelguncha suhbat allaqachon oldinga ketgan bo’ladi.

Shuning uchun ikkinchi yo’l ham bor — UDP. Uning qoidasi juda qisqa: paketni yubordim va ketdim. Tasdiq yo’q, qayta yuborish yo’q, tartibga solish yo’q. Yo’qolgan bo’lak — bu bir lahzalik xirillagan ovoz yoki bir zumga bulanib ketgan tasvir. Suhbat esa davom etaveradi.

Ikkalasini shunday farqlash mumkin: TCP — imzo qo’yib olinadigan buyurtma pochta, har bir konvert yetib borgani tekshiriladi. UDP — radio efiri, gapirdik va uchdi, eshitmay qolgan bo’lsangiz qaytarilmaydi.

Shuning uchun sayt ochish, fayl yuklash, xat jo’natish — bularning hammasi TCP orqali ishlaydi, chunki bu yerda har bir bayt joyida bo’lishi shart. Jonli efir, video qo’ng’iroq, onlayn o’yinlar esa ko’pincha UDP’dan foydalanadi, chunki ularga aniqlikdan ko’ra tezlik muhimroq. Yuqorida gaplashgan DNS so’rovlari ham odatda UDP bilan ketadi: savol ham, javob ham kichkina, javob kelmasa esa shunchaki qaytadan so’ralaveradi.

Hammasini bir joyga yig’aylik

Boshidan oxirigacha bo’lgan yo’l taxminan shunday ko’rinadi:

1. Siz brauzerga "yandex.uz" deb yozasiz.
   Bu nom odam eslab qolishi uchun qulay, lekin kompyuter uchun
   undan hech qanday foyda yo'q. Unga raqamli manzil kerak.
                    |
                    v
2. Kompyuter DNS'dan so'raydi: "yandex.uz qayerda joylashgan?"
   DNS javob qaytaradi: 77.88.44.55
                    |
                    v
3. Yuboriladigan ma'lumot mayda paketlarga bo'linadi.
   Har bir paketning boshiga yozib qo'yiladi:
   kimdan ketyapti, kimga ketyapti, nechanchi qism.
                    |
                    v
4. Paketlar yo'lga chiqadi va qo'ldan-qo'lga o'tadi:
   uydagi router -> provayder -> shahar tuguni -> ... -> Yandex.
   Ularning hech biri to'liq yo'lni bilmaydi, faqat
   "bu manzil u tomonda" deb keyingisiga uzatadi.
                    |
                    v
5. Paketlar yetib bordi. Endi TCP tekshiradi:
   hammasi keldimi, tartibi to'g'rimi?
   Yo'qolgani qaytadan so'raladi, aralashgani joy-joyiga teriladi.
                    |
                    v
6. Ma'lumot tayyor.

Har bir bosqich o’zidan pastdagisining ustiga qo’yilgan. Ya’ni sizning ma’lumotingiz yo’lga chiqishdan oldin bir necha qavat “konvert”ga solinadi:

  +---------------------------------------------+
  |  Ma'lumotning o'zi: sahifa, rasm, xat        |
  +---------------------------------------------+
  |  TCP: tartib raqami, tasdiq, qayta yuborish  |
  +---------------------------------------------+
  |  IP: kimdan va kimga — manzillar             |
  +---------------------------------------------+
  |  Sim, optik kabel yoki Wi-Fi signali         |
  +---------------------------------------------+

Eng pastda oddiy fizika: mis simdagi tok, optik kabeldagi yorug’lik, havodagi radioto’lqin. Eng tepada esa siz ochgan sahifa. Oradagi har bir qavat faqat bitta ishni bajaradi va o’zidan pastdagisi qanday ishlashi bilan umuman qiziqmaydi.

Qisqacha aytganda:

  • Internet — bir-biriga ulangan kompyuterlar. Sim, kabel, antenna.
  • Protokol — baytlarning kelishilgan tartibi. Ikkala tomon bir xil tartibni bilgani uchun bir-birini tushunadi.
  • IP manzil — kompyuterning manzili. Bu bo’lmasa hech narsani jo’natib bo’lmaydi.
  • DNS — nomni manzilga aylantirib beruvchi tizim. Uning tepasida 13 ta root server manzili turadi.
  • Paket — ma’lumotning mayda bo’lagi. Routerlar shu bo’laklarni qadam-baqadam uzatadi.
  • TCP — hammasi joyida yetib borishini tekshiradi. UDP — tekshirmaydi, buning evaziga tez ishlaydi.

Bu qavatlarning nomi bor: TCP/IP yoki OSI

Yuqorida chizilgan to’rtta qutini eslaysizmi? U bekorga o’sha tartibda chizilgani yo’q. Internet haqiqatan ham shunday, qavat ustiga qavat qilib qurilgan va bu tuzilmaning rasmiy nomi bor — TCP/IP modeli.

TCP/IP to’rtta qavatdan iborat va internet aynan shu model asosida ishlaydi: eng pastda fizik ulanish, uning ustida IP manzillar, uning ustida TCP yoki UDP, eng tepada esa dasturning o’zi. Biz shu paytgacha gaplashgan hamma narsa mana shu to’rtta qavatga joylashadi.

Bundan tashqari yana bir model bor — OSI modeli. To’liq nomi Open Systems Interconnection, ya’ni “ochiq tizimlarning o’zaro bog’lanishi”. Uni ISO xalqaro standartlar tashkiloti 1980-yillarda tasdiqlagan.

OSI xuddi shu g’oyani ancha batafsil yozadi: unda qavatlar to’rtta emas, yettita. Pastdan yuqoriga qarab sanaladi:

  7. Amaliy qavat      Dasturning o'zi gaplashadigan joy: HTTP, DNS, pochta.
  6. Taqdimot qavati   Ma'lumot qanday ko'rinishda: shifrlash, siqish, harflar
                       qanday kodlanishi.
  5. Seans qavati      Suhbatni boshlash, ushlab turish va yopish.
  4. Transport qavati  TCP va UDP. Yetib borishini nazorat qiladi.
  3. Tarmoq qavati     IP manzillar va marshrut. Routerlar shu yerda ishlaydi.
  2. Kanal qavati      Yonma-yon turgan ikki qurilma o'rtasidagi uzatish:
                       Wi-Fi, Ethernet kabeli.
  1. Fizik qavat       Simdagi tok, optik kabeldagi yorug'lik, havodagi
                       radioto'lqin.

Modelning butun mazmuni bitta qoidada: har bir qavat faqat o’z ishini bajaradi va o’zidan pastdagisi buni qanday uddalayotgani bilan qiziqmaydi. Brauzer sahifani so’rayotganda simmi yoki Wi-Fimi — bilishi shart emas. Router esa paket ichida sayt ketyaptimi yoki qo’ng’iroqmi — buni bilmaydi va bilishi ham kerak emas.

Ikkala modelni solishtirsangiz, ular bir-biriga zid emas. OSI’ning eng tepadagi uchta qavati (5, 6, 7) TCP/IP’da bitta qavatga birlashtirilgan, xolos. Ya’ni TCP/IP — amaliyot uchun, OSI — batafsil tushuntirish uchun.

Shuning uchun OSI hali ham o’qitishda va suhbatda ishlatiladi. Masalan mutaxassislar “muammo 3-qavatda” desa, bu “manzil yoki marshrutda xatolik bor” degani.

Keyingi maqolada

Diqqat qilgan bo’lsangiz, bu yerda hali sayt haqida deyarli gapirmadik. Chunki yuqorida yozilganlarning hammasi — internetning o’zi. Sayt, YouTube, Telegram, o’yinlar esa shu poydevor ustiga qurilgan.

Keyingi maqolada aynan shu ustki qismga — veb qanday ishlashiga o’tamiz:

  • Bitta kompyuterda o’nlab dastur ishlaydi. Kelgan baytlar qaysi biriga tegishli ekanini u qayerdan biladi? (portlar)
  • Ulanish tayyor bo’ldi. Endi brauzer serverga aynan nima deb murojaat qiladi? Sahifa qanday so’raladi? (HTTP, 404 va 200 nimadan darak beradi)
  • Yo’ldagi routerlar, provayder, Wi-Fi’ga ulangan begona odam — hammasi mening parolimni o’qib turadimi? Manzil oldidagi qulfcha nimani anglatadi? (HTTPS va shifrlash)
  • Va oxirida hammasini birlashtiramiz: Enter bosgandan sahifa ko’ringuncha o’tgan bir necha yuz millisekundda nima-nima sodir bo’ladi.

Keyinroq esa yana bir nechta qiziq savol qoladi: sayt Amerikada joylashgan bo’lsa, nega u shuncha tez ochiladi? IPv4 manzillar tugab qolgani rost ekanmi? Internetni umuman kim boshqaradi?